Avstraliya hukumati o‘tgan yilning noyabr oyidan beri mamlakatni o‘rmon yong‘inlaridan qutqarish uchun taxminan 1,4 milliard dollar ajratmoqchi. Qayta tiklanish ikki yil ichida amalga oshirilishi kerak, deya xabar bermoqda «RBK» Reuters agentligiga tayanib.

Avstraliyaning janubi-sharqiy sohilini qamrab olgan yong‘inda 24 kishi halok bo‘ldi, mahalliy hayvonot dunyosiga sezilarli zarar yetdi. BBC rus xizmatining ayrim ekspertlarning fikriga tayanib ma’lum qilishicha, yong‘inda 480 millionga yaqin hayvonlar nobud bo‘ldi.

Shiddatli yong‘inlar shunchalik katta miqyosdaki, sun’iy yo‘ldosh rasmlarida nafaqat yong‘in, balki undan ko‘tarilgan va Yangi Zelandiyaga qadar bo‘lgan hududni qamrab olgan tutunni ham aks ettirmoqda.

Manba: himawari8.nict.go.jp

Yong‘inlarni o‘chirish uchun hukumat 3000 ga yaqin askarni jalb qildi. Umuman olganda, janubi-sharqiy Yangi Janubiy Uels va Viktoriya shtatlarida 200 dan ortiq yong‘in avj olgan bo‘lib, ular bir necha shaharlarga tahdid solmoqda. Yangi Janubiy Uels shtati ma’muriyati juma kunidan beri favqulodda holat e’lon qildi va odamlarni majburiy evakuatsiya qilishni buyurdi.

Vaziyat yuqori havo harorati va kuchli shamol tufayli yanada og‘irlashmoqda. Prognozlarga ko‘ra, shanba kuni havo harorati janubiy qirg‘oq bo‘ylab 40 darajadan yuqori ko‘tariladi, bu esa yangi yong‘in o‘choqlarining paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.