Kelajakda mansabdor shaxslarning jinoiy faoliyatdan olgan daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor qilinadi. Bu haqda 30 dekabr kuni O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova jinoyatlardan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishini moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida aytib o‘tdi.

«Lavozimni egallagan har bir kishi odamlarga xizmat qilishni o‘ylasa, u qora kursida o‘tirmaydi. Prokuraturada ham, soliq idoralarida ham, bojxonada ham, boshqa tuzilmalarda ham bu holatlar davlat uchun obro‘-e’tibor keltirmadi. Agar ular o‘z vatani, xalqi, davlati haqida bir oz bo‘lsa ham o‘ylashganda edi, bu jinoyatni qilmagan bo‘lardilar», — dedi bosh prokuror o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat sodir etgan amaldorlar qanday vaziyatga tushib qolganlarini ko‘rganlaridan keyin «yig‘lab yuborishgan».

«Ushbu tizimda 40 yildan ko‘proq vaqt ishlab kelmoqdaman, [jinoyat sodir etgan amaldorlar bilan] suhbatlashganman. Ko‘zlarida yosh bilan ular, agar ular qanday ahvolda bo‘lishlarini bilsalar, hech qanday jinoyat sodir etmasliklarini aytishgan. Sud tizimidagi sudyalar ham, prokurorlar ham yig‘lashgan», — dedi u.

«Agar kishi lavozimga kirishishdan avval bir yoki ikki kun davomida koloniyada yoki qamoqxonada bo‘lsa va kamerani hidini his etsa, u hech qachon jinoyat sodir qilmaydi. Buni odamlar bilishmaydi», — dedi Svetlana Ortiqova.

Bosh prokuror o‘rinbosari nima uchun mansabdor shaxslar ishlari bo‘yicha sud mahkamalarining aksariyati yopiq eshiklar ortida o‘tayotganligini va Jinoyat kodeksining 263-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham mahfiy qolayotganligini tushuntirib o‘tdi.

«Agar mansabdor shaxslarning daromadlarini legallashtirish haqida gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston xalqaro baholash tizimida qizil rangda yonadi. Agar ertaga (chet ellik) mutaxassislar kelsa, ushbu komissiya raisi sifatida qanday javob beraman? Bu meni ko‘p o‘ylashga majbur qiladi. Ammo mutasaddi shaxslarlarning davlat sirlari bilan bog‘liqligini inobatga olgan holda, sud majlislari yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, jinoyatlardan olingan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham yopiq edi. Biroq kelajakda bu masalalar oshkor qilinadi. Buni komissiya a’zolari ham, ekspertlar ham va butun jamiyat ham istaydi», — deya ta’kidladi Svetlana Ortiqova.