Bugun, 5 yanvar kuni Mudofaa vazirligi tomonidan 5 kilometrdan ortiqroq masofaga yugurish bo‘yicha «Vatanparvarlik aksiyasi» kichik marafoni o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Unda vazirlik harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari hamda Mirzo Ulug‘bek tumani o‘quvchi yoshlari, shuningdek, faxriylardan iborat 2 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etdi.

Kichik marafon davomida uch avlod, ya’ni faxriy harbiylar, ofitser bo‘lish orzusida harbiy ta’lim muassasalarida saboq olayotgan kursantlar yugurish finish chizig‘iga qadar yugurdilar.

Marafon so‘ngida turli yosh nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev diplom va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

•1-o‘rin — Toshkent harbiy okrugidan kichik serjant Vladislav Mamedov (15 daqiqayu 31 soniya);

•2-o‘rin — Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Nuriddin Rahmatov (16 daqiqayu 28 soniya);

•3-o‘rin — Toshkent harbiy okrugidan leytenant Temur Ummatov (17 daqiqayu 9 soniya).