Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi jarrohi O. Q.ga bemorning tog‘asi tomonidan tajovuz qilinib, tiklanib bo‘lmas jarohat yetkazildi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Vazirlik ushbu vaziyatni atroflicha o‘rgandi.

Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, 2020 yil 2 yanvar kuni 18.30 larda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi bolalar bo‘limiga ambulator murojaat qilgan bemorga zudlik bilan vaqtida yordam ko‘rsatilgan. Bemor bolaning tog‘asi, Farovon MFY da yashovchi 1990 yil tug‘ilgan B. T. muolaja xonasi oldida janjal ko‘tarib turgan paytda tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi bolalar bo‘limi navbatchi jarrohi, 1960 yil tug‘ilgan O. Q. borgan. Shundan so‘ng u B.T.ni qo‘lidan yetaklab, tinchlantirishga harakat qilib, zina oldidagi eshikka olib borgan va tashqariga chiqarib, eshikni yopadi. Vrach orqaga qaytayotgan paytda B. T. eshikni tepib, buzib ichkariga kiradi va navbatchi jarrohga qo‘qqisdan o‘ng ko‘zi sohasiga kuchli zarba beradi.

Oqibatda O. Qo‘ldashevning o‘ng ko‘z olmasini posttravmatik yorilishi kuzatilgan. Ushbu voqea paytida terapiya bo‘limi navbatchi hamshiralari va xirurgiya post navbatchi hamshirasi o‘sha yerda bo‘lgan. Shundan so‘ng navbatchi vrachga tan jarohati yetkazgan B. T. voqea joyidan qochgan. Yolg‘iz qolgan jabrlanuvchiga terapiya bo‘limida davolanayotgan bemor D. I. qonayotgan sohaga paxta qo‘yib yordam ko‘rsatgan. Bo‘lim navbatchi farroshi reanimatsiya bo‘limidagi navbatchi vrachlarni chaqirgan.

Jabrlanuvchi bog‘lov xonasiga olib kirilgan va shoshilinch ravishda okulist Z. Valiyev chaqirilgan hamda «102» navbatchilik qismiga xabar berilgan. Okulist tomonidan bemor ko‘rilgan va birlamchi tibbiy yordam berilib, tez yordam aviatsiyaga xabar berilgan. Bemor zudlik bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga yetkazilgan. Bu yerda shifokorlar tomonidan zudlik bilan tekshiruvdan o‘tkazilib, «Yopiq kalla bosh miya jarohati. O‘ng ko‘z olmasining travmatik katta yorilishi, ko‘z gavharini chiqishi» dastlabki tashxisi bilan yotqizilgan. Va,shu kunning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan viloyatga tajribali mutaxassislar yuborilgan.

Joriy yil 3 yanvar tongda, soat 05:00da shoshilinch ravishda Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z kasalliklari shifoxonasi bo‘lim boshlig‘i Muhabbat Ibragimova va bo‘lim shifokori Asqar Husanov tomonidan bemordagi o‘ng ko‘z olmasi shakli buzilishi va yumshoq to‘qimalar shikastlanishiga birlamchi murakkab xirurgik ishlov berish operatsiyasi o‘tkazilgan.

Ayni paytda tajribali shifokorlar tomonidan bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Biroq jabrlanuvchi shifokorning ko‘zi qayta tiklanmaydigan darajada ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan.

«Afsuski, bemorning yaqinlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz va tahdid qilinishi bilan bog‘liq holatlar kundan kunga ko‘payish bilan birga ularning zo‘rovonliklari shifokorlarning sog‘lig‘ini qayta tiklab bo‘lmas darajasigacha ham yetishiga sabab bo‘lmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko‘magida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqib, Qonunchilik palatasiga kiritgan va u birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yilda yangidan shakllanayotgan parlament bilan hamkorlikda ishlab, tibbiyot xodimlariga fuqarolar tomonidan muntazam davom etayotgan bunday tajovuz qilish holatlariga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga qaratilgan ushbu qonun loyihasini qabul qilinishi uchun qat’iy harakat qiladi, deyiladi xabarda.

Vazirlik fuqarolardan ham shifokorlar mehnatini qadrlashni o‘zlarining vijdoniy burchlari deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini ta’minlashga hamda qat’iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirdi.