Ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan, haqoratli so‘zlar ishlatilgan muloqotning audioyozuvi yuzasidan Namangan viloyati hokimligi tomonidan Mingbuloq tumanida o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Masala viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, uning o‘rinbosari T.Rapiqov hamda viloyat prokurorining o‘rinbosari Sh.Qosimov ishtirokida Mingbuloq tumani MMTP raislari, fermerlar, tuman faollari hamda oqsoqollar bilan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Mazkur yig‘ilishda audioyozuv haqiqatdan tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga tegishliligi aniqlandi. Audioyozuvda qayd etilgan muloqot 2019 yil 10 dekabr kuni tumandagi «Gigant» mashina saroyida «Gigant», «Gulbog‘-1», «Guliston» MMTP hududlariga kiruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida yuz bergani, tuman hokimining etikaga mos kelmaydigan so‘zlari texnikalarini kelgusi yil tayyorgarligi doirasida ta’mirlash uchun dislokatsiya bo‘yicha belgilangan saroyga olib kelmagan fermerlarga qaratilgani ma’lum bo‘ldi.

Tuman hokimi tomonidan bu boradagi topshiriq 2019 yil 5 noyabrda berilgani va texnikalarni to‘liq ta’mirdan chiqarishning so‘nggi sanasi 2019 yil 10 dekabr etib belgilanganiga qaramay, ayrim fermerlar mazkur topshiriqqa e’tiborsiz bo‘lgani yuzasidan muhokama o‘tkazgan tuman hokimi, muloqot chog‘ida haqoratli iboralardan foydalangani o‘sha yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan tasdiqlandi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tuman hokimining bunday tarzda ishlashini keskin tanqid qilib, har qanday rahbar boshqaruvda qonun doirasidan chetga chiqmasligi, hokimning qonuniy talabini bajarmagan shaxslarga nisbatan ham qonuniy chora ko‘rilishi lozimligini, bugungi kun hokimi o‘z ishi, so‘zi, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shartligini ta’kidladi.

Muhokamada ishtirok etgan tuman oqsoqollari, MMTP raislari, tuman prokurori va IIB boshlig‘i tomonidan tuman hokimi faoliyatida bunday holatning avvaldan kuzatilmagani, biroq umumiy olganda sababi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar axloqqa zid bo‘lgan muloqot usulini keskin qoralashlari bildirildi.

Nurshod Xudoyberdiyev yig‘ilishda aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirdi: «Tuman hokimi sifatida bunday xatoga yo‘l qo‘yganim — bu mening aybim. Bu men uchun katta saboq bo‘ldi. Barchadan ming bor uzr so‘rayman. Bunday holatni takrorlamaslik, kelgusi faoliyatimda qonun-qoidalar, rahbarlik va o‘zaro muloqot madaniyati doirasidan chetga chiqmaslikka va’da beraman», deya tuman ahlidan kechirim so‘radi.

Nurshod Xudoyberdiyev viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantirildi.

Viloyat prokuraturasi tomonidan holatning ma’muriy javobgarlik jihatini aniqlagan holda qonuniy chora ko‘rilishi va prokuratura qarori yuzasidan qo‘shimcha bayonot e’lon qilinishi ma’lum qilinadi, deb xabar beradi Namangan viloyati hokimligining axborot xizmati.