O‘zbekiston Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekiston Soliq kodeksi (yangi tahrirda) amalga kiritilishi haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan, yuridik va jismoniy shaxslarga soliq solish tartibiga kiritilgan asosiy o‘zgarishlarni sanab o‘tdi. Soliq kodeksining elektron nusxasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi saytlari hamda Telegram-kanallarida joylashtirilgan.

Soliq kodeksini (yangi tahrirda) qabul qilinishi munosabati bilan soliq hisobotlarining yangi shakllari ishlab chiqiladi. Soliq hisoboti shakllari O‘zbekiston Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng barcha soliq to‘lovchilarga yetkaziladi.

Aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining qat’iy belgilangan miqdori, mahalliy yig‘imlarning chegaraviy stakalari, avtotransport vositalarini sotib olinganda va (yoki) vaqtinchalik olib kirilganda ichki ishlar organlarida ularni ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun avtotransport vositalari egalari (foydalanuvchilari) tomonidan to‘lanadigan yig‘imlar va xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirishi va hududdan tranzit o‘tishi uchun yig‘imlar stavkalari 2019 yil 9 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2020 yildagi Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun bilan tasdiqlangan.

Yer solig‘i bo‘yicha 2020 yil uchun soliq hisoboti qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar qismi bo‘yicha 2019 yilda amaldagi shakllar bo‘yicha yer uchastkasi joylashgan joyidagi soliq organlariga taqdim etiladi. Mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqning 2020 yil uchun hisoblanadigan summasi to‘g‘risidagi hisobot 2019 yilda amalda bo‘lgan shaklda taqdim etiladi. 2019 yil uchun soliq hisob-kitoblari Soliq kodeksining yangi tahririda nazarda tutilgan muddatlarda 2019 yilda amal qilgan shakl va tartibda taqdim etiladi.

Soliq qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga — aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdorda soliq joriy etiladi.

Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek soliqlar bo‘yicha pasaytirilgan stavkalar quyidagi muddatlarda amal qiladi:

  • 2007 yil 25 dekabrdagi qonun bilan tasdiqlangan Soliq kodeksi bilan taqdim etilgan va belgilangan imtiyozlar va stavkalar 2020 yil 1 aprelgacha;
  • O‘zbekiston prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan taqdim etilgan imtiyozlar va stavkalar, ularning amal qilish muddati tugagunga qadar.

Soliq kodeksi tarkibidan davlat boji, tovarlarning ayrim turlarini (alkogolli ichimliklar) sotish huquqi uchun yig‘imlar bo‘limlari chiqarildi, ular «Davlat boji to‘g‘risida» gi alohida qonunda nazarda tutiladi.

Bir martalik xususiyatdagi maxsus to‘lovlar bo‘lgan yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun bonuslar (imzoli bonus va tijoratbop bonus) Soliq kodeksidan «Yer qa’ri to‘g‘risida» gi qonunga o‘tkaziladi.

Soliq to‘lovchilar 2020 yil 1 aprelgacha 2020 yil uchun soliq solish maqsadlari uchun hisob siyosatini ishlab chiqishlari shart. Soliq maqsadlari uchun hisob-kitob siyosati soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda ixtiyoriy shaklda belgilanadi va rahbarning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

Quyidagilar uchun maxsus soliq rejimlari bekor qilindi:

  • bozorlar uchun, ularni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazgan holda. 2020 yil 1 yanvardan boshlab bozorlar avvalgi soliq to‘lash tartibi (daromadning 50 foizi) o‘rniga quyidagilarni to‘laydi:
    • umumdavlat soliqlarini (agar realizatsiya hajmi 2019 yilda 1 milliard so‘mdan oshgan bo‘lsa) — yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, qo‘shilgan qiymat solig‘i va 20 foizli oshirilgan stavkada foyda solig‘ini;
    • aylanmadan soliqni (realizatsiya hajmi 2019 yilda 1 mlrd. so‘mdan kam bo‘lganda), shuningdek yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni;
  • konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun, ularga jismoniy shaxslardan daromad solig‘ini to‘lashni kiritgan holda. Konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun aylanmadan soliq (realizatsiya hajmi 2019 yilda 1 mlrd. so‘mdan kam bo‘lganda) yoki umumbelgilangan tartibda to‘lanadigan soliqlar (realizatsiya hajmi 2019 yilda 1 mlrd so‘mdan oshganda) kiritiladi. Shu bilan birga, ushbu faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun olinadigan davlat bojining miqdori deyarli 4 baravar kamaytirildi;
  • qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun, ularni umumbelgilangan soliq to‘lashga yoki aylanmadan soliq to‘lashga o‘tkazish bilan. Shu bilan birga, ushbu toifadagi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘ining nol stavkasi belgilanadi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun ishlatiladigan mol-mulk qismi bo‘yicha mol-mulk solig‘idan va tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan yerlar uchun yer solig‘idan imtiyozlar saqlab qolinadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun deklaratsiya asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashni yoki 2020 yildan boshlab o‘rtacha 25 foizgacha pasaytiriladigan qat’iy belgilangan miqdorda soliq to‘lashni tanlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririda hisobvaraq-fakturalar qoida tariqasida elektron ko‘rinishda rasmiylashtirilishi belgilangan. 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovarlarni (xizmatlarni) sotishda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda taqdim etishi va qabul qilishi shart. Soliq to‘lovchilar elektron hisobvaraq-fakturalar operatorini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlashlari mumkin. Shu bilan birga, elektron hisobvaraq-fakturalarning alohida operatorlari 2020 yil boshida o‘z xizmatlarini bepul taqdim etadilar.

Ko‘p sonli soliq to‘lovchilarni elektron hisob operatorlariga ulash zarurati tufayli, 2020 yil 1 iyulga qadar soliq organlari belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llamaydilar. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Moliya vazirligi bilan birgalikda hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirishning, shu jumladan ularni qog‘ozda rasmiylashtirish mumkin bo‘lgan holatlarni hisobga olgan holda, yangi tartibi yetkaziladi. Hisobvaraq-fakturalarni taqdim etish tartibi huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga qadar soliq to‘lovchilar 2019 yilda amalda bo‘lgan tartibni qo‘llashlari kerak (ro‘yxat raqami 3126, 2019 yil 21 yanvar). Shunga o‘xshash tartib onlayn kassa apparatlaridan foydalanishda ham qo‘llaniladi.

Soliq ma’muriyatchiligi masalalari.

Soliq organlarining soliq to‘lovchining soliq qarzini undirishni uning debitoridan olinadigan summaga qaratish huquqi bekor qilinadi.

Soliq organlarining ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni o‘z vaqtida qaytarish uchun javobgarligi kuchaytirildi. Ortiqcha undirilgan soliq va moliyaviy sanksiyalar summalarini, ushbu summalarni undirish (to‘lash) davrida amalda bo‘lgan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan foizlarni hisobga olgan holda qaytariladi. Aynan shu tartibda, ortiqcha to‘langan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summasini hisobga olish (qaytarish) mexanizmi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, soliq summasini qaytarishda har bir kechiktirilgan kun uchun soliq organi tomonidan soliq to‘lovchiga foiz to‘lash nazarda tutiladi.

Soliq organlariga risk-tahlil asosida kameral soliq tekshiruvlari, sayyor soliq tekshiruvlarini va soliq auditini tayinlash huquqini beradigan soliq nazoratini amalga oshirishning yangi tartibi nazarda tutilgan. Soliq organlari tomonidan soliq tekshiruvlari faqat Soliq kodeksida nazarda tutilgan va ularni o‘tkazish tartibini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan keyin o‘tkazilishi mumkin. Xususan, Soliq kodeksi soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini nazarda tutadi:

1. Kameral soliq tekshiruvi (soliq to‘lovchining hisobotini soliq organida o‘rganish va uni bojxona organlari, banklar, energetika korxonalari, kadastr va boshqalarning ma’lumotlari bilan solishtirish), uning natijasida soliq to‘lovchi soliq hisobotiga tuzatishlar kiritishi yoki asoslantirilgan sabablarni ko‘rsatishi kerak. Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i bo‘lishi shart. Shu bilan birga, kameral soliq tekshiruvi doirasida soliq organining mansabdor shaxsiga soliq to‘lovchidan ma’lum bir soliqni hisoblashning to‘g‘riligini tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni talab qilish huquqi beriladi. Kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar, qo‘llanilmaydi, lekin penya hisoblanishi mumkin;

2. Sayyor soliq tekshiruvi (soliq to‘lovchining ayrim ko‘rsatkichlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish), uning maqsadi faktlarni qayd etishdan iborat. Sayyor soliq tekshiruvi soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish va to‘lash hamda boshqa majburiyatlar bajarilishi masalalarida ma’lumot to‘plash uchun amalga oshiriladi. Sayyor soliq tekshiruv natijalari bo‘yicha soliqlar qo‘shimcha hisoblanmaydi.

3. Soliq auditi — katta hajmdagi oborotlarda yuqori darajada riskka ega bo‘lgan soliq to‘lovchi tomonidan soliq qonunlariga rioya etilishini har tomonlama o‘rganish. Soliq auditi soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash xavfi omillarini tahlil qilish asosida tanlangan soliq to‘lovchilarda o‘tkaziladi. Soliq auditi natijalariga ko‘ra qo‘shimcha soliqlar hisoblanishi va moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, quyidagicha tartib joriy etiladi, unga muvofiq 2022 yil 1 yanvargacha davlat soliq xizmati organlari soliq auditi tayinlanganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qiladilar.

Soliq nizolarini sudgacha hal etish tartibi aniqlashtirilgan, shuningdek soliq huquqbuzarligi turidan kelib chiqib, javobgarlik choralari belgilangan. Bunda, soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin bo‘ladi.

Soliq kodeksida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • soliqlarni to‘lashni ta’minlovchi yangi vositalar, shuningdek kollegial organlar (komissiyalar)ning ishtirokisiz pullik asosda soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibini kiritilishi;
  • soliq solishdan bo‘yin tovlashga qarshi normalarni, shu jumladan «bitimlarni qayta kvalifikatsiyalash», «soxta bitimlarni» bekor qilish, firibgarlik bitimlari bo‘yicha chegirmalarni taqdim etmaslikni belgilash;

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida 2020 yil 1 yanvardan boshlab imtiyozlar faqat Soliq kodeksi bilan taqdim etilishi belgilanmoqda. Bunda, ayrim soliqlar bo‘yicha soliq imtiyozlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i solinadigan mahsulotlar ishlab chiqarilganda va (yoki) realizatsiya qilinganda aksiz solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari, O‘zbekiston prezidentining qarorlari bilan faqat belgilangan soliq stavkasini kamaytirish, lekin ko‘pi bilan 50 foizga kamaytirish tarzida va ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan tovarlar O‘zbekiston Respublikasining hududiga olib kirilishida (importida) soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirish sharti bilan berilishi mumkin emas.

Transfert narxlarni belgilash, nazorat qilinadigan chet el kompaniyalar, soliq to‘lovchilarning qonsolidatsiya guruhlarining foydasini soliqqa tortish 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kiradi hamda ular bo‘yicha doimiy ravishda ma’lumotlar chop etilib boriladi.