2019 yilda Norvegiya poytaxti Oslo yo‘llarida o‘lim bilan yakunlangan faqat bitta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi: haydovchi mashinasi devorga borib urilishi oqibatida vafot etdi. Shu bilan birga, piyodalar yoki velosipedchilar ishtirokida bironta ham halokatli hodisa qayd etilmagan, deb xabar beradi TJournal.

Mamlakat kesimida, o‘tgan yili Norvegiya yo‘llarda go‘daklar o‘limi nolga tengligi bilan ajralib turdi.

O‘lim ko‘rsatkichi so‘nggi o‘n yilliklarda ham poytaxt, ham mamlakat uchun barqaror ravishda pasayib bormoqda: 1970 yilda Norvegiya yo‘llarida 560 kishi vafot etgan, ulardan 101 nafari bolalar edi. 1985 yilda 482 kishi vafot etgan bo‘lsa, 2019 yilda 110 kishi butun mamlakat bo‘ylab yo‘l-transport hodisalari qurboniga aylandi. 1975 yilda Osloda yo‘llarda 41 kishi vafot etgan.

Taxminlarga ko‘ra, shaharda tezlikning sezilarli darajada cheklanishi va Osloning markaziy qismidagi magistral yo‘llarning qisqarishi, shuningdek, yo‘l qoplamasi va zamonaviy avtoulovlarning jihozlari sifatini yaxshilash ushbu omillarga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Norvegiyada velosipedlar tobora ommalashib bormoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda mamlakatda 2126 kishi yo‘l-transport hodisalari qurboniga aylangan. 2019 yil uchun ma’lumotlar hali e’lon qilingani yo‘q.