Sakkizinchi sinf o‘quvchisi S. G‘. qo‘lbola pirotexnika vositasi portlashi oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

Hodisa 1 yanvar kuni taxminan 16:30 da Toshkent viloyatining Chinoz tumanida sodir bo‘lgan. 20 yoshli X.E., S.A. va B.M. 60 sm uzunlikdagi temir truba ichiga qo‘lbola usulda magma va oltingugurt aralashmasini joylashtirib, yoqishgan. Natijada ushbu temir truba 8-sinf maktab o‘quvchisi S.G‘. ga borib tekkan.

Tan jarohati olgan S.G‘. tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Biroq S.G‘.ga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Chinoz tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 2501-moddasi 3-qismi «v» bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.