Tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga dori vositalari retseptini yozish bo‘yicha qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik joriy etiladi. Bu prezidentning 2019 yil 30 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda parlament quyi palatasiga 2020 yil 1 mayga qadar tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy ko‘rinishdagi har qanday boshqa rag‘batlar olishiga taqiq qo‘yish yuzasidan «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish topshirildi.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi dori vositalariga retseptlar yozish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarni buzganlik, shu jumladan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar ro‘yxatiga kiritilgan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, dori vositalarini olish huquqini beruvchi retseptlarni yoki boshqa hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun tibbiyot xodimlari va boshqa shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etish yuzasidan tegishli qonun loyihasini ishlab chiqadi.