Andijonlik Facebook-faoli Abdufatto Nuritdinovning (Otabek Nuritdinov nomi bilan ma’lum) qamoqqa olinishi bilan bog‘liq vaziyat tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish normasini tezroq bekor qilish zarurligini taqozo etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommavi komunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Shu bilan birga, AOKA rahbari agentlik fuqaro Abdufatto Nuritdinov bilan bog‘liq sud qaroriga ta’sir ko‘rsatishga haqli emasligini qayd etib o‘tdi. «Aybdor tomon sud qaroridan norozi bo‘lsa, kassatsiya tartibida yuqori turuvchi sud instansiyasiga murojaat qilishi mumkin», — dedi u.

Dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z qarori bilan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan normani bekor qilish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Mazkur qaror qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan olqishlandi.

Abdufatto Nuritdinov tuhmat, haqorat va mayda bezorilik ayblari bilan jarimaga tortilib, 15 sutkaga qamoqqa olingan edi. Uning ustidan Andijon viloyatining Asaka tumani hokimi, tumandagi maktablar direktorlari va viloyat XTB boshlig‘i shikoyat qilgan. Bundan tashqari, tuman suv ta’minoti korxonasi rahbari Bohodir Qaxxorov ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 30 dekabr kuni soat 10:30 atrofida jamoatchilik oldida noma’qul so‘zlar bilan uni haqorat qilgan Nuritdinovga nisbatan choralar ko‘rishni so‘ragan.

Sud shu kuni qaror chiqardi. Jazoni o‘tash muddati 30 dekabr kuni soat 19: 45dan boshlab hisoblanadi, deb aniqlik kiritdi «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.