4 yanvar kuni andijonlik Facebook-faoli Abdufatto Nuritdinovga (Otabek Nuritdinov nomi bilan ma’lum) oid ma’muriy ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zA O‘zbekiston Oliy sudi ma’lumotiga tayanib xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 3 yanvar kuni Abdufatto Nuriddinov tomonidan Andijon viloyati ma’muriy sudiga shu sudning 2019 yil 30 dekabrdagi qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat keltirilgan. Ushbu shikoyat asosida Abdufatto Nuriddinovga oid ma’muriy ish viloyat sudining kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun rasmiylashtirildi.

Mazkur ma’muriy ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi 4 yanvar kuni soat 11.00 ga tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Abdufatto Nuritdinov tuhmat, haqorat va mayda bezorilik ayblari bilan jarimaga tortilib, 15 sutkaga qamoqqa olingan edi. Uning ustidan Andijon viloyatining Asaka tumani hokimi, tumandagi maktablar direktorlari va viloyat XTB boshlig‘i shikoyat qilgan. Bundan tashqari, tuman suv ta’minoti korxonasi rahbari Bohodir Qaxxorov ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, 30 dekabr kuni soat 10:30 atrofida jamoatchilik oldida noma’qul so‘zlar bilan uni haqorat qilgan Nuritdinovga nisbatan choralar ko‘rishni so‘ragan.

Sud shu kuni qaror chiqardi. Jazoni o‘tash muddati 30 dekabr kuni soat 19: 45dan boshlab hisoblanadi, deb aniqlik kiritdi «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.

Avvalroq AOKA rahbari Komil Allamjonov Abdufatto Nuriddinovning qamoqqa olinganiga izoh berar ekan, tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish normasini tezroq bekor qilish zarurligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, AOKA rahbari agentlik fuqaro Abdufatto Nuritdinov bilan bog‘liq sud qaroriga ta’sir ko‘rsatishga haqli emasligini qayd etib o‘tdi. «Aybdor tomon sud qaroridan norozi bo‘lsa, kassatsiya tartibida yuqori turuvchi sud instansiyasiga murojaat qilishi mumkin», — dedi u.

Dekabrda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z qarori bilan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan normani bekor qilish masalasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Mazkur qaror qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan olqishlandi.