Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi, deya xabar qildi O‘zA.

2020-yilning 1-fevralidan byudjet tashkilotlari va muassasalari xodimlari ish haqlari, pensiya, stipendiya, nafaqa hamda kam ta’minlanan oilalarga moddiy yordamlar miqdori 1,07 baravarga oshiriladi.

Ushbu sanadan boshlab:

  • Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — 679 330 so‘m (hozir 634 888 so‘m);
  • Yoshga doir pensiyalar — oyiga 466 680 so‘m (hozir 436 150 so‘m);
  • Bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa — oyiga 466 680 so‘m (hozir 436 150 so‘m);
  • Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — 238 610 so‘m (hozir 223 000 so‘m).

Bazaviy hisoblash o‘zgarishsiz qoldi — 223 000 so‘m. Hujjatda qayd etilishicha, u soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatining muayyan turi bilan shug‘ullanish uchun patent (litsenziya) to‘lovlari hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa to‘lovlar miqdorini aniqlashda qo‘llaniladi.