O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oxirgi ish kunida parlament palatalari rahbarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan uchrashib, yil yakunlarini sarhisob qildi va 2020 yildagi muhim vazifalarni belgilab berdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari bugun erishilgan natijalar hali marra emasligi, oldimizda aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy qudratini oshirish, imkoniyatlardan kengroq foydalanish uchun 2020 yil sinov yili bo‘lishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda 2019 yilda yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, 2020 yilga belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish, mas’ul ijrochilar va muddatlarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, bevosita joylarga borib, ularning ijrosini tashkil qilish va doimiy nazoratni ta’minlash kerakligi aytib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasi ijro hokimiyati faoliyatini samarali tashkil etib, har bir vazirlik, davlat qo‘mitasi va boshqa idoralarning 2020 yil har choragi uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlarini ishlab chiqib, ijrosini qat’iy nazoratga olishi zarurligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, bojxona sohasini isloh qilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa sohalarni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilishda belgilangan topshiriqlarni to‘liq va sifatli amalga oshirish uchun barcha rahbarlar o‘z tizimida pastga tushib, xodimlar va resurslarni maksimal darajada safarbar qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.