AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo 2020-yil 5-yanvar kuni Toshkentga keladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

AQSH Davlat departamenti delegatsiyasini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qiladi.

Tashrif dasturida Tashqi ishlar vazirligida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda 2018-yil may oyida Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishini muhokama qilish, shuningdek, xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 6-yanvar kuni AQSH davlat kotibi Markaziy Osiyo — AQSH formatidagi vazirlar uchrashuvida (“C5 + 1”) ishtirok etadi. Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni, xususan, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, chegara xavfsizligini mustahkamlash va Afg‘onistonning Markaziy Osiyoning savdo va transport tizimlariga qo‘shilishini muhokama qiladi.