Joriy yilning 10 dekabr kuni Internet nashrlarida Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevga tegishli hamda tahdid mazmunidagi tarqalgan audioyozuvdagi holatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani Avtoshohbekati yonidagi avtomobil yo‘lida to‘planib turgan taxminan 20−30 nafar fuqarolar tomonidan elektr va gaz ta’minotida uzilishlardan norozilik bildirilayotganligi aks etgan videolavha tarqalgan.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev Quva tumanidagi holat bo‘yicha tuman hokimiga yuzlangan holda muomala madaniyatidan chetga chiqib, tahdidiy va qo‘pol so‘zlar ishlatgan. Ushbu holat noma’lum shaxs tomonidan yozib olinib, tarqatilgan.

Tergovga qadar tekshiruvda joriy yilning 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev tahdidiy va qo‘pol so‘zlarni ishlatganligi aniqlandi.

Shuhrat G‘aniyevning so‘zlarida inson hayotiga va sog‘lig‘iga tajovuz qiladigan real tahdid, ya’ni ularni amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asoslar mavjud emasligini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi.

Biroq, Shuhrat G‘aniyev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, Davlat boshqaruviorganlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari talablarini buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga xat yuborildi.