30 dekabr kuni «O‘zbekkino» milliy agentligiga 77 ta tarixiy ulovlar topshirildi, deya xabar qildi O‘zA. Ularning 18 tasi mototsikl va qolgani tarixiy avtomobillardir.

Hozirda agentlikka 46 ta mashina olib kelingan bo‘lib, qolgan qismi 2020 yilning birinchi choragida keltirilishi kutilmoqda. Mazkur ulovlar avval Madaniyat vazirligi balansida bo‘lgan. Yil boshida ushbu avtomobillarning ayrimlari «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasiga qo‘yilgan edi.

«77 ta tarixiy ulovlar „O‘zbekkino“ Milliy agentligiga topshirildi. 2020 yilning birinchi choragida ushbu retro avtomobillar yordamida muzey tashkil etishni ko‘zlaganmiz. Yanvar oyida muzey uchun joy ajratilishi kutilmoqda. Hozircha, bir qancha takliflar bor. Shuningdek, bu avtomobillardan tarixiy kinolarda ham foydalaniladi», — dedi «O‘zbekkino» milliy agentligi ishlar boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Norov.

O‘zA ba’zi tasdiqlanmagan ma’lumotlarga tayanib, avtomobillarning haqiqiy egasi sobiq «O‘rikzor» dahasidagi ulgurji Karvon bozorining sobiq direktori Dmitriy Lim ekanligini qayd etib o‘tdi.

Foto