Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bloger Nafosat Ollashukurova Xorazm viloyatidagi ruhiy kasalliklar dispanseridan ozodlikka chiqib, Toshkentdagi uyiga qaytayotganini ma’lum qildi.

«Bugun ruhiy kasalliklar shifoxonasida o‘tkazilgan tibbiy ekspertiza uning salomatligi yaxshilangan, deb topgan va blogger yangi yil bayramini ota-onasi va jajji qizaloqlari bilan birga kutib oladi», — deb yozdi u.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi blogerning ozod qilinganini tasdiqladi. «Endilikda uning muolajalari nihoyasiga yetdi va u yangi yilni ota-onasi hamda farzandlari bag‘rida kutib olishi uchun barcha sharoit yaratildi», — deyiladi AOKA xabarida.

Bloger Nafosat Ollashukurova (Facebook`da — Shabnam Olloshkurova) 23 sentyabr kuni o‘z qarindoshlari bilan Toshkentga piyoda yo‘lga chiqqan jurnalist Mahmud Rajab bilan birgalikda 10 kun muddatga ma’muriy qamoqqa hukm qilingan edi. Keyinroq sud qarori bilan ruhiy kasalliklar dispanseriga joylashtirildi.

26 sentyabrda Nafosat Ollashukurova ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan paytida ruhiyatida o‘zgarishlar sezilganligi uchun tez tibbiy yordam chaqirtirilgan. Psixiatrning tavsiyasi bilan u Xorazm viloyat ruhiy asab kasalliklari dispanserida ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.

Mahmud Rajabov 10 kun hibsda bo‘lganidan keyin qo‘yib yuborilgan. 18 oktyabr kuni sud uni jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatishda va kontrabanda bilan shug‘ullanganlikda aybdor deb topdi hamda uni 2,5 yil sinov muddati bilan 5,5 yil shartli qamoq jazosiga hukm qildi.