UzAuto Motors 2020-yilda yagona platformadagi Сhevrolet Onix va boshqa yangi modellarni ishlab chiqarishga tayyorgarlikni boshlaydi, deya xabar qildi kompaniya matbuot xizmati.

Tayyorgarlik ishlari doirasida korxonalardagi ishlab chiqarish jaraayoni 6 yanvarga qadar vaqtincha to‘xtatildi. Kelgusi yil davomida yangi modellarni o‘zlashtirish doirasida ishlab chiqarish jarayonida qisqa tanaffuslar kuzatilishi kutilmoqda. Biroq bu kompaniya tomonidan xaridorlarga avtomobilni o‘z muddatida yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmaydi, deya qayd etdi kompaniya.

“Gazeta.uz” iyun oyida Onix va boshqa arzon modellarni ishlab chiqarish rejalari to‘g‘risida xabar qilgan edi. Keyinroq Onix lokalizatsiya darajasi bosqichma-bosqich 60 foizga yetishi ma’lum qilindi.

25-dekabr kuni UzAuto Motors qimmatbaho segmentdagi to‘rtta — Tahoe, Traverse, Trailblazer va Equinox (narxlar) modellarini taqdim etdi.

UzAuto Motors ma’lumotlariga ko‘ra, 26-dekabr kuni kompaniya avtomobil ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha rekord natija qayd etdi. 2019 yilda kompaniya tomonidan 250 ming dona avtomobil ishlab chiqarish rejasi qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, xaridorlarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda 271 098 dona avtomobil ishlab chiqarildi. 2018-yilda ushbu ko‘rsatkich 220 ming donani tashkil qilgandi.

“Ushbu natijaga kompaniyada amalga oshirilgan texnologik uskunalar hamda ishlab chiqarish jarayonining modernizatsiya qilinishi natijasida erishildi”, — deyiladi xabarda.