O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev al-Xorazmiy maktabida yoshlar bilan uchrashuvda chiqish qilarkan, siyosiy muxolifat haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi, deya ma’lum qildi «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Internetda muxolifat muhokama qilinayapti. U qanday foyda keltirgan?» — deya savol berdi davlat rahbari.

«Men prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman, lekin xalqning muammolarini biladigan, barcha muammolarni [xalq bilan] birga boshdan kechiradigan, shu yerning suvini ichib, shu yerning nonini yeydigan [muxolifat] o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratish kerak», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev xorijda shakllanib, u yerdan keladigan muxolifatni mamlakatga qo‘ymasligini ta’kidladi.

Avvalroq Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev sun’iy yaratilgan siyosiy partiyadan foyda yo‘qligini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiysi bu kabi partiyalar haqiqiy bo‘lishi kerak, sun’iy emas.