2020-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston hududiga faqat mikronutriyentlar bilan boyitilgan birinchi navli bug‘doy uni va osh tuzi kiritilishi mumkin. Bu Vazirlar Mahkamasining 25-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlandi.

Boyitilmagan unni mamlakatga olib kirishni cheklash 2019−2022-yillarda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasida belgilangan.

Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, unni mikronutriyentlar bilan boyitish darajasi barcha turdagi ishlab chiqarilgan va import qilingan un umumiy hajmining 30 foizini tashkil etadi. Boyitilgan unni aholining 56 foizi iste’mol qiladi, temir tanqisligi kamqonligining oldini olish uchun bu ko‘rsatkichni 90 foizgacha yetkazish kerak.

2011-yil yanvar oyidan boshlab O‘zbekistonda birinchi navli bug‘doy uni va tuzi faqat mikroyelementlar bilan boyitilgan holda ishlab chiqarilmoqda va sotilmoqda.