Besh nafar Kamerun fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari yakunlandi, deya xabar berdi O‘zbekiston IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kamerunliklar o‘z vatanlarida turib ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekiston fuqarolari bilan tanishib, ularning moddiy ahvoli, faoliyat turlari bilan tanishib, o‘zlarini xuddi shu sohada investor sifatida tanishtiradilar. So‘ngra ular O‘zbekistonga sayyoh sifatida kelib, avval tanishgan shaxslar bilan uchrashadi. Ushbu fuqarolarga kamerunliklar O‘zbekistonga 2 milliondan 10 million dollargacha miqdorida 100 dollarlik kupyuralarni olib kirishlari, biroq bu pullar bojxona xizmatining diqqatini tortmasligi uchun qora va oq bo‘yoq bilan bo‘yalganini ma’lum qiladi.

Kamerun fuqarolari kupyuralarni dastlabki holatiga qaytarish uchun maxsus kukun lozimligini aytadi. Ular kimyoviy modda sotib olish uchun sarflangan har 100 dollar uchun 300 dollar qaytarishga va’da beradi. Shunday qilib, gumonlanuvchilar o‘zbekistonliklarning ishonchiga kirib, 340 ming dollarga ega chiqadi.

Oktyabr oyida Tergov departamenti tomonidan Kamerun fuqarolariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borildi.

Tergov vaqtida chet el fuqarolarining firibgarlikdan tashqari, ko‘p miqdordagi soxta pullarni sotishda ham gumonlanayotgani ham aniqlandi.

Ularning uch nafari — K.X., B.P. va T.S. Jinoyat kodeksining 176-modda 3-qismining «a» bandi (juda ko‘p miqdorda qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) hamda 168-modda 3-qismi «a, b» bandlari (firibgarlik ko‘p miqdorda; takroran) bo‘yicha ayblanmoqda.

Fuqaro T.R.ga 168-modda 3-qismi «a, b» bandlari (firibgarlik ko‘p miqdorda takroran) bo‘yicha ayblanmoqda. Ishning beshinchi ishtirokchisi J.F.ga esa 168-modda 4-qismi «a» bandiga (firibgarlik, katta miqdorda) binoan ayblov e’lon qilindi. Hozir ularning barchasi qamoqqa olingan.