O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda yoshlar hayotidagi muammolar, dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Mamlakatda yosh rahbarlarni saralaydigan, ularning layoqatiga mos lavozimlarni taklif etadigan samarali mexanizm mavjud emasligi aytib o‘tildi.

Globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlar haqida so‘z borar ekan, prezident ma’rifatparvar bobomiz Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so‘zlarini yodga oldi.

Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatmalar berildi.

Besh tashabbusning har bir yo‘nalishini tuman va shaharlarda tizimli amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

O‘tgan yili O‘zbekistonda buyuk alloma Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Yosh matematiklar xalqaro olimpiadasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Davlat rahbari ushbu tajriba asosida fizika bo‘yicha Ahmad Farg‘oniy, kimyo fani bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy, biologiya bo‘yicha Abu Ali ibn Sino, astronomiya bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek nomlaridagi xalqaro fan olimpiadalari tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi yig‘ilganlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

O‘sib kelayotgan avlod auditoriyasiga yo‘naltirilgan tele- va radiokanallar, bosma nashrlarni birlashtirib, “Yoshlar media xoldingi” tashkil etish taklifi ham bildirildi.

“Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi”, — deya ta’kidladi prezident.