Yil oxiriga kelib bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 52 foiga yetdi. Bu ikki yil oldingidan deyarli ikki baravar ko‘p, dedi maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin payshanba kuni bo‘lib o‘tgan yil yakunlari va kelgusi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

Hozirgi kunda respublikada 13,5 ming maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT), shu jumladan, 5980 davlat, 7520 davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida ishlovchi, 776 xususiy va 6053 oilaviy bolalar bog‘chalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Aholining yillik o‘sishi 700 mingdan oshiq bolalar hisobiga ortayotgani hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari yuklamasi oshayotganiga qaramay, kelgusi yilda qamrovni 59,5 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

«Bu barcha o‘qituvchilar, maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha xodimlarning ulkan mehnati, davlatimizning siyosati va tizimga katta moliyaviy mablag‘lar ajratish hisobigadir», — dedi Agrippina Shin. U kelasi yil davlat byudjetidan maktabgacha ta’lim tizimiga 5,1 trillion so‘m yo‘naltirilishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Vazir maktabgacha ta’limni rivojlantirish hukumatlarning iqtisodiy o‘sish va mamlakat kelajagi uchun asos bo‘lgan inson kapitalini yaratish bo‘yicha oqilona qarorlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Bolalarni boshlang‘ich maktabga majburiy bir yillik tayyorlash loyihasi doirasida 6−7 yoshdagi 11 mingdan ortiq bolalar o‘qitildi. Kelgusi yilda 85,2 foiz bolalarni majburiy maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, 2021−2022 o‘quv yilida bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, vazirlik maktabgacha ta’lim tizimidagi mutaxassislarning malakasini doimiy ravishda oshirib boradi. Ikki yil davomida 7000 o‘qituvchi va 2800 menejer malaka oshirish kurslarida qatnashdi. O‘qituvchilarning umumiy soni 90 mingga yetdi. Ularning 30 foizdan ortig‘i oliy ma’lumotga ega.

«Kelgusi yilda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar sifatini oshirishni istaymiz. Bizda yaxshi baza bor. 97 ta kollej vazirlik tasarrufiga o‘tkazildi. Bizda ular uchun katta rejalar bor, chunki shu negizida mutaxassislarni qayta tayyorlash va yangi yo‘nalish bo‘yicha tayyorlash amalga oshiriladi», — dedi Agrippina Shin.