27 dekabr kuni soat 7:22da Bek Air aviakompaniyasining Z2100 reysi bilan «Olmaota — Nur-Sulton» yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan Fokker 100 samolyoti parvoz paytida radarlardan g‘oyib bo‘ldi, deb xabar berdi Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligining Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi.

Bortida 95 yo‘lovchi va 5 ekipaj a’zosi bo‘lgan samolyot balandlikni yo‘qotib, aeroport tashqarisida ikki qavatli bino bilan to‘qnashdi. Yongig‘ sodir bo‘lmagan. Ayni paytda, taxminan 9 kishining vafot etgani ma’lum.

Yo‘lovchilar va samolyot ekipaji evakuatsiya qilindi. Qozog‘iston bosh vaziri topshirig‘i bilan hukumat komissiyasi tuzilgan.

Avariya tafsilotlari aniqlanmaguncha, ushbu turdagi samolyotlarning parvozlari vaqtincha to‘xtatiladi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Tokayev halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatiladi… Barcha aybdorlar qonunga muvofiq qattiq jazolanadi», — deb yozdi u Twitter sahifasida.

O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamenti mazkur aviahalokatda jarohatlanganlar va halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolarining yo‘qligini xabar qildi.