O‘zbekistonning jami tashqi qarzi yil boshidan buyon 4,2 mlrd dollar yoki 24 foizga o‘sib, 1 oktyabr holatida 21,5 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Jami tashqi qarzning 13,8 mlrd dollari davlat sektorining qarzlari, 7,7 mlrd dollari esa xususiy tashqi qarz hisoblanadi.

O‘zbekiston to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga tashqi qarzdorliklarning ortishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning jalb qilinishi hamda ular bo‘yicha «yig‘ilib qolgan» majburiyatlarning so‘ndirilishi va kelib tushayotgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘sishi kabi omillar o‘z ta’sirini o‘tkazdi, deyiladi xabarda.

Yuqorida keltirilgan omillarning ta’siri ostida to‘lov balansining joriy hisobi 1,4 mlrd dollarga teng defitsitni ko‘rsatdi. Bunda, savdo balansi va xalqaro xizmatlarning manfiy saldosi (6,1 mlrd doll.) birlamchi va ikkilamchi daromadlarning musbat saldosi (4,7 mlrd dollar) bilan qisman qoplandi.

Shu bilan birga, moliyaviy hisobning manfiy saldosi rezidentlar moliyaviy majburiyatlarining ko‘payishi (6,1 mlrd doll.), shuningdek rezidentlar tomonidan moliyaviy aktivlarning sotib olinishi (1,3 mlrd doll.) natijasida 4,8 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda, rezerv aktivlari 662 mln dollarga ko‘paydi.

O‘zbekistonning sof investitsion pozitsiyasi 1 oktyabrda 13,7 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda, qolgan mamlakatlarga nisbatan davlat boshqaruvi va bank sektorlari «sof kreditorlar», boshqa sektorlar esa «sof qarzdorlar» hisoblanadi.