Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 dekabr kuni «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Hujjat 9 dekabr kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 14 dekabr kuni Senat tomonidan ma’qullangan edi.

Qonunga ko‘ra investitsiyalar — investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari ob’ektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo‘lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar hisoblanadi.

Investitsiyalar, qonunga muvofiq, mo‘ljallangan ob’ektiga ko‘ra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga bo‘linadi.

Asosiy fondlarni yaratish va takror ko‘paytirishga, shu jumladan yangi qurilishga, modernizatsiya qilishga, rekonstruksiya qilishga, texnik jihatdan qayta jihozlashga, shuningdek moddiy ishlab chiqarishning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar kapital investitsiyalar jumlasiga kiradi.

Aksiyalar, korporativ, infratuzilmaviy va davlat obligatsiyalariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarning boshqa turlariga kiritiladigan investitsiyalar moliyaviy investitsiyalar jumlasiga kiradi.

Inson salohiyatini, ko‘nikmalarini va ishlab chiqarish tajribasini rivojlantirishga, shuningdek nomoddiy boyliklarning boshqa shakllarini rivojlantirishga kiritiladigan investitsiyalar ijtimoiy investitsiyalar jumlasiga kiradi.

Hujjatda investorning huquq va majburiyatlari, shuningdek, investitsion faoliyat sub’ektlari huquqlarining davlat tomonidan kafolatlanishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, investorlarga xorijiy valyutadagi pul mablag‘larini O‘zbekistonga va undan tashqariga soliqlar va to‘lovlarni to‘lash sharti bilan hech qanday cheklovlarsiz erkin olib kirish va olib chiqish, jumladan repatriatsiya uchun valyutalarni ayriboshlash erkinligi kafolatlanmoqda.

Chet ellik investor investitsiya faoliyatini tugatgandan so‘ng investitsiya faoliyatini tugatish natijasida olingan o‘z aktivlarini naqd pul yoki natural shaklda chet ellik investorning O‘zbekistonga yoxud boshqa kreditorlarga nisbatan majburiyatlarini bajarish uchun zarar yetkazmagan holda erkin repatriatsiya qilish huquqiga ega.

Agar qonun hujjatlarining bajarilishi investorga yoki investitsiyalarga zarar yetkazadigan bo‘lsa, ushbu qonun hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lmaydi.

Agar O‘zbekistonning keyingi qonun hujjatlari investitsiya qilish shart-sharoitlarini yomonlashtirsa, investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari chet el investorlariga nisbatan investitsiya qilish paytidan e’tiboran o‘n yil mobaynida qo‘llaniladi. Investor o‘zining investitsiya qilish shart-sharoitlarini yaxshilaydigan yangi qonun hujjatlari qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llash huquqiga ega.

«Davlat investitsiyalarning O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishini kafolatlaydi. Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi», — deyiladi qonunda.

Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiylar va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa hollar mustasno.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi investitsiyalarni va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Hujjat 26 dekabr kuni rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.