O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi parlament Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarda ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilarning xulosalari va tavsiyalari hisobga oladi hamda bu sohada muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Saylovni deyarli 140 ming mahalliy va 800 dan ortiq xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek, MDH, SHHT va YeXHT kabi 10 ta tashkilot kuzatib bordi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) birinchi marotaba qariyb 300 kishidan iborat keng ko‘lamli missiyani, YeXHT Parlament Assambleyasi (PA) ham ilk bor o‘z kuzatuvchilarini O‘zbekistondagi parlament saylovlariga yubordi.

«Markaziy saylov komissiyasi to‘la mas’uliyat bilan ma’lum qiladiki, xalqaro kuzatuvchilarning xulosalari va tavsiyalari O‘zbekistonda saylov qonunchiligini va saylov amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan rejali va izchil ishlarning asosidan joy oladi, shuningdek, ushbu sohada barcha manfaatdor tomonlar bilan amaliy muloqotni davom ettirishga tayyor», — deyiladi bayonotda.

MSKning xabar berishicha, YeXHT Parlament Assambleyasi va YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining saylovlarni kuzatish bo‘yicha xalqaro missiyasining dastlabki natijalar va xulosalarga oid bayonotida shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz ovoz berish, «bir kishining butun oila uchun ovoz berishi», ovozlarni sanab chiqishdagi ayrim qoidabuzarliklar, xotin-qizlarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtirokini yana kengaytirish zarurati, deputatlikka mustaqil nomzodlarning yo‘qligi va fuqarolik jamiyati institutlariga saylovlarni kuzatib borish imkoniyati berilmaganligi borasida aniqlangan ayrim holatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan.

«Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi bo‘lib o‘tgan saylovlarning natijalarini, shuningdek, xalqaro va xorijlik kuzatuvchilarning bayonotlarini saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, bayon etilgan xulosalar va tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish uchun sinchiklab o‘rganishga va ularning chuqur tahlilini o‘tkazishga kirishdi», — deya qayd etildi bayonotda.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi bo‘lib o‘tgan saylovlarning yakunlari bo‘yicha fikr almashish, eng muhim tavsiyalarni va ularni amalga oshirish yo‘llarini ko‘rib chiqish uchun 2020 yilning ikkinchi choragida milliy va xalqaro darajadagi barcha manfaatdor tashkilotlar ishtirokida xalqaro konferensiya o‘tkazishga qaror qabul qildi.

Avvalroq, Markaziy Saylov Komissiyasi saylovlar 150 ta saylov okrugining 128 tasida bo‘lib o‘tgan deb tan olingani, ammo keyinchalik 2020 yil 5 yanvarda qayta saylovlar o‘tkaziladigan saylov okruglari soni qo‘lda qayta sanashdagi xatolar sababli 22 dan 25 gacha ko‘payganini ma’lum qilgan edi. Saylovga kelganlar 67,8 foizni yoki 13 million 963 ming 627 kishini tashkil etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zLiDeP yetakchilik qilmoqda — hozirgi paytda ushbu partiyadan 42 nomzod parlamentga o‘tdi.