22 dekabr kuni Istanbulda Turkiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston yoshlar umumjahon assotsiatsiyasi Turkiya vakilligi va Turkiyadagi o‘zbekistonlik talabalar jamiyati tomonidan tashkil etildi. Istanbulning Uskudar tumani hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uchrashuvni o‘tkazish uchun joy va sharoitlar yaratildi.

Unda ishtirok etish uchun mamlakatning 16 ta viloyatidagi 30 dan ortiq universitetlarda tahsil olayotgan 350 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talabalar tashrif buyurdi. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasining bevosita amaliy ko‘magi bilan barcha olis viloyatlardagi universitetlar ma’muriyatlari o‘zbekistonlik talabalarning Istanbulga uyushgan holda borib-kelishlari uchun maxsus avtobuslar tashkil etdi.

Dastlab boshqa viloyatlardan kelgan talabalar uchun Istanbulning eng bahavo va baland Chamlija tepaligida nonushta tashkil etildi. Yigit-qizlar tabiat qo‘ynida nonushta qilib, yaqindan tanishdi, fikr almashdi.

So‘ngra muddatidan oldin saylovda ishtirok etmagan talabalar O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi saylovida ishtirok etdi.

«An’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan uchrashuvni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yoshlar bir-birlari bilan tanishishlari, Turkiyadagi ta’lim va yashash sharoitlari bo‘yicha o‘zaro fikr almashishlariga sharoit yaratishdan iborat edi, — dedi O‘zbekiston Yoshlar umumjahon assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili Ergash Jumayev. — Bundan tashqari, tadbir doirasida muddatidan oldin saylovda ishtirok etmagan talabalarga O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi saylovida ishtirok etish uchun imkoniyat berildi».

Uchinchi o‘zbekistonlik talabalar uchrashuvining asosiy tadbirlari Uskudar yoshlik markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbir shu yilning 18 dekabr kuni Toshkentda metro qurilishi vaqtida sodir bo‘lgan tuproq o‘pirilishida vafot etgan yurtdoshlarimiz xotirasiga Qur’on tilovati bilan boshlandi. Tabrik so‘zlaridan so‘ng Turkiyaning Xorijiy turklar va qardosh jamiyatlar bosh boshqarmasi vakili Janer Suleyman hamda eng faol talabalarga O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining maxsus sovg‘alari taqdim etildi.

Uchrashuvda o‘zbek va turk tillarida kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, o‘zbekona osh tortildi.