24 dekabr kuni O‘zbekiston Futbol Assotsatsiyasi (O‘FA) futbolning bu yilgi eng yaxshilarini aniqladi. Terma jamoa va Rossiyaning «Rostov» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov O‘zbekistonning 2019 yildagi eng yaxshi futbolchisi deb topildi, deya xabar qildi Tribuna.uz.

Futbolchilar, murabbiylar va jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada Eldor Shomurodov terma jamoa sardori va yarim himoyachisi Odil Ahmedov va Jaloliddin Masharipovdan o‘zib ketdi. 24 yoshli hujumchi uchun bu uning karerasidagi birinchi g‘alabadir, bundan oldin u nomzodlar uchtaligiga kirmagan edi. «Bunyodkor» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiyi Vadim Abramov yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Terma jamoa sardori Odil Ahmedovga «Fidoyilik ramzi» maxsus unvoni berildi.

Yilning eng yaxshi yosh o‘yinchisi Toshkentning «Bunyodkor» jamoasidan Jasur Jaloliddinov bo‘ldi. Avvalroq, futbolchi keyingi mavsumni B Seriyasida yetakchilik qiladigan Italiyaning «Benevento» klubi tarkibida boshlashi haqida xabarlar tarqalgan edi.

«Bunyodkor»dan Umida Zoirova yilning eng yaxshi ayol futbolchisi bo‘ldi. «Paxtakor» ustozi Shota Arveladze Coca-Cola Superliganing eng yaxshi murabbiyi deb tan olindi.