Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Oliy liga QVZ o‘yinlarining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Finalga uch jamoa yetib bordi — Mudofaa vazirligining «Yirik kalibr» jamoasi, «18+» va «Beats». Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Dastlabki «Tanishtiruv» shartini «18+» jamoasi boshlab berdi. Hayotiy hazillar, do‘stona yumor final o‘yinlarida ilk bor ishtirok etgan jamoaning o‘ziga xos yutug‘i bo‘ldi. «Beats» jamoasi esa mamlakatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kulgili tarzda omma e’tiboriga havola etdi.

«QVZ» tarixida hali sahnaga 50 nafar qorbobo chiqqan emas edi. Armiya QVZchilari birinchi shartga tantanavor tayyorgarlik ko‘rib, harbiy libosni ko‘ylak va smokingga almashtirib chiqdi.

Birinchi shart bo‘yicha maksimal ball «Yirik kalibr» jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, «Beats» va «18+» tegishli ravishda keyingi o‘rinlarni egalladi.

Jamoalar O‘zbekiston QVZ chempioni bo‘lish uchun «musiqiy uyga vazifa», «sardorlar bellashuvi», «videotanlov» shartlari bo‘yicha o‘zaro kurashdi.

Barcha shartlar yakuniga ko‘ra, armiya hazilkashlari 19,3 ball bilan 2019 yil chempioniga aylandi. «Beats» jamoasi 18,7 ball bilan ikkinchi pog‘onani egallagan bo‘lsa, «18+» jamoasi 15,7 ball bilan kuchli uchlikka yakun yasadi.