22 dekabrdagi parlament saylovlari takomillashgan qonunchilik asosida va mustaqil fikrga ko‘proq tolerantlik asnosida o‘tkazildi, ammo ularda haqiqiy raqobat va saylov kuni qoidalariga to‘liq hurmat kuzatilmadi. Bu haqda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi prezidenti, YeXHTning saylovlarni qisqa muddatli kuzatuv missiyasini boshqargan Georgiy Sereteli ma’lum qildi.

Dushanba kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda YeXHT PA tomonidan tashkil etilgan saylovni kuzatish bo‘yicha missiya Toshkentda bo‘lib o‘tgan saylovlarning YeXHT doirasidagi O‘zbekiston majburiyatlari, demokratik saylovlar bo‘yicha xalqaro majburiyatlar va standartlarga, shuningdek, milliy qonunchilikka muvofiqligi monitoringining dastlabki xulosalarini taqdim etdi.

«Mamlakat muhim bir bosqichni bosib o‘tdi. O‘zbekiston rasmiylari tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ushbu saylovlarga haqqoniy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatdi», — dedi Georgiy Sereteli. U siyosiy rahbarlar, amaldorlar va oddiy fuqarolarning mamlakatdagi demokratik jarayonlarni takomillashtirishdan manfaatdorligini qayd etdi.

«Men turli joylarda yosh va keksa saylovchilarning nomzodlar va ularning platformalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega plakatlarni sinchkovlik bilan o‘rganish uchun 10−15 daqiqa yoki hatto yarim soat vaqt sarflaganlarini ko‘rdim. Bunday ishtirok etish va qiziqish darajasi ilhomlantiradi», — dedi YeXHT PA rahbari.

Shu bilan birga, ovoz berish jarayonida boshqalarga ovoz berish, saylov qutilarini to‘ldirish va ovozlarni sanab chiqishda asosiy tartiblarga ahamiyat bermaslik kabi ko‘plab qonunbuzarliklar qayd etildi, dedi Georgiy Sereteli. U buni voz kechish kerak bo‘lgan «eski nosog‘lom odatlar va odatiy xatti-harakatlar» bilan bog‘ladi.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

YeXHT PA missiyasi raisi Kari Xenriksen: «Shubhasiz, mamlakat o‘zgarib bormoqda. Tabiiyki, o‘zgarishlar bir kechada ro‘y bermaydi. Demokratlashtirish vaqt talab etadi, bu og‘ir ish va cheksiz jarayon. Eng muhimi, o‘zgarishlarni va aniq choralarni kiritish uchun siyosiy iroda talab qiladi. Ammo bunga arziydi», — dedi.

YeXHT DIIHB missiyasi rahbari Tana de Zuluyeta esa saylovlar oldidan O‘zbekistonda ikkita muhim o‘zgarishlar ro‘y berganini qayd etib o‘tdi. Birinchidan, bu tashkilot va hokimiyat o‘rtasidagi hamkorlik va muloqatning yuqori darajasidir, uning davomida YeXHTning saylov qonunchiligi bo‘yicha ko‘plab tavsiyalari inobatga olinib, uni xalqaro standartlarga yaqinlashtirdi. Ikkinchi muhim nuqta — «saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ulkan reja».

U uchinchi muhim holatni qo‘shib qo‘ydi: «Bu atmosfera. Men 2015 yilgi saylovlarni kuzatgandim va ha, endi bu butunlay boshqa mamlakat… Avvalo, yangi so‘z erkinligi hamda makon, jumladan odamlar o‘z fikrlarini bildirib, internetda e’lon qiladigan bloglar sharofati bilan».

Ushbu ijobiy o‘zgarishlar manzarasida «saylov kunida jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilgani umidsizlikni uyg‘otdi», deb tan oldi Tana de Zuluyeta.

Qayd etilgan kamchiliklarni hisobga olgan holda, OAV saylovlarning ikkinchi bosqichida halollik va oshkoralikni nazorat qilish imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligi shart, dedi u.

Uning fikricha, fuqarolar saylov jarayonida bevosita aloqador ekanliklarini his qilishlari kerak. «Ovozlarni hisoblash paytida siyosiy partiyalar vakillari ovoz berish natijalariga befarq bo‘lib qolishganidan juda hayron bo‘ldim. Bu jarayonga aloqadorlik hislari yo‘q edi», — dedi missiya rahbari.

Saylov kuni 37 davlatdan 316 kuzatuvchi ishtirok etdi, shu jumladan 271 nafar DIIHB uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchilari va YeXHT PA 45 kishilik delegatsiyasi. Missiya a’zolari YeXHTga a’zo bo‘lgan 17 ta mamlakat vakillaridan yig‘ilgan. Saylovlarni kuzatish xalqaro missiyasi 134 saylov uchastkasida ochilish jarayonini kuzatdi, 1270 ta saylov uchastkasida saylov jarayonini kuzatdi, Ovozlarni sanab chiqish jarayoni 125 uchastka saylov komissiyasida kuzatildi, saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash jarayoni 94 okrug saylov komissiyasida kuzatildi. Bunday qamrov jarayon haqida umumiy tasavvurga ega bo‘lish, qoidabuzarliklarning topologiyasini aniqlashga va ma’lumotlarni butun mamlakatga ekstrapolyatsiya qilishga imkon beradi, dedi Georgiy Sereteli.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Saylov jarayoni kuzatilgan 14 foiz saylov uchastkalarida salbiy baholandi. Saylov tinch muhitda o‘tdi, lekin jiddiy qoidabuzarliklar jarayonga rahna soldi. Xususan, saylovchilarga shaxsini tasdiqlovchi hujjatsiz saylash imkoni berildi, ko‘pgina odamlar bir nechta byulletenni to‘ldirib boshqalar nomidan ovoz berdi, saylovchilar saylov kuni tegishli talablarga rioya qilinmay ro‘yxatga olindi.

Saylovchilar ovozini sanash 42 foiz hisobotlarda salbiy baholandi. Kuzatuv olib borilgan saylov uchastkalarining deyarli yarmisida, USKlar tartibga rioya qilmadi va ko‘pgina USKlar yakuniy bayonnomadagi ma’lumotlarni muvofiqlashtirishda qiynaldi. Bir qator saylov uchastkalarida USKlar bo‘sh yakuniy bayonnomani oldindan imzolab qo‘ygan, ba’zi kuzatuvchilar saylovchilar ro‘yxati va bayonnomaga kiritilgan ma’lumotlar soxtalashtirilganligi haqida xabar berdi.

Kuzatuvchilar kuzatgan 105 USKdan 15 tasida yo‘l qo‘yilgan jiddiy protsesual xato va kamchiliklar haqida xabar berildi. Ko‘pgina USK bayonnomalari, aksariyat hollarda rasmiy qarorsiz, OSK binosida o‘zgartirilgan yoki to‘ldirilgan. SKM kuzatuvchilariga saylov jarayonining barcha darajasida erkin kuzatish imkoniyati berildi.

Missiya xulosalarida qayd etilishicha, parlament saylovida haqiqiy raqobat kuzatilmadi. Kampaniya ochiq tarzda o‘tsada, MSK qarorlari saylov kampaniyasining qoliplashgan, o‘ta mufassal qonuniy bazasini yaratgan. Saylovoldi kampaniyasi OAVdan tashqariga deyarli chiqmadi, partiyalar saylovoldi targ‘ibot faoliyatini o‘zlari tashkillashtirganiga dalillar kamroq kuzatildi. Nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari ko‘pincha saylov ma’muriyati tashkil etgan uchrashuvlar bilan kifoyalangan. Teng imkoniyat va moliyalashtirish talabini tor talqin etish natijasida partiya va nomzodlar o‘zlariga hos individual kampaniya strategiyasini belgilashda qiynaldi. Shunga qaramay, partiyalar saylov kampaniyasidagi imkoniyatlarni qoniqarli deb topgan va o‘z raqiblari bilan haqiqiy raqobatga kirishmadi.

Beshta siyosiy partiya raislari DIIHB SKM bilan suxbatda kampaniyani olib borish va uni moliyalashtirish borasidagi qoidalar cheklovchi emas, aksincha qulayliklar yaratuvchi ekanligini ta’kidlagan. Ularning hech qaysisi, imkoniyat bo‘lganda, kampaniyani boshqacha o‘tkazishi mumkinligiga ishora qilmagan. Unchalik qizg‘in bo‘lmagan saylovoldi kampaniyasi bilan bir qatorda bu fakt partiyalar haqqoniy raqobatga kirishish niyati haqida savollar tug‘diradi, deyiladi bayonotda.

Saylovoldi kampaniyasi faqatgina tor doiralarda qiziqish uyg‘otgan ko‘rinadi, MSK hatto partiyalarga saylovoldi tashviqotini shiddatliroq olib borishga undagan. Ba’zi bir istisnolardan tashqari, partiyalar o‘zining ana’naviy elektoratidan boshqa ijtimoiy guruhlarga murojaat qilmagandek tuyuldi, deya qayd etdi DIIHB.

Umuman olganda, nomzodlar o‘z raqiblarining siyosiy platformasini tanqid qilmadi. Asosiy e’tibor ijtimoiy himoya va ta’minot, iqtisodiy rivojlanish mavzulariga qaratilgan. Barcha partiyalar prezident siyosati va islohotlarni qo‘llab-quvvatlashiga bot-bot urg‘u bergan. Buning natijasida, saylov kampaniyasida raqobat kuzatilmadi, saylovchilarga bir-biridan deyarli farq qilmaydigan siyosiy qarashlar taqdim etilgan va bu saylovchilarning tanlovini cheklagan.

YeXHT DIIHB missiyasi bayonoti matni o‘zbek va rus tillarida