Madaniyat vazirligi 18 dekabr kuni Toshkentdagi Humo Arena muz saroyida Filipp Kirkorovning katta shou konsert dasturida ijro etilgan raqslardagi raqqos va raqqosalarning kiyinish madaniyatiga bildirilgan e’tirozlar yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, Madaniyat vazirligi tizimidagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi ushbu konsert ssenariysi va qo‘shiqlar mazmuni bilan tanishib chiqqan va e’tiroz bildirmagan.

«Xususiy tadbirkorlar konsert dasturlarini tashkil etishda yurtimizga gastrol safarlari bilan tashrif buyuradigan san’atkorlarga dasturda kiyinish madaniyati to‘g‘risidagi tushunchani ham berib o‘tishlari lozim, deb o‘ylaymiz», — deyiladi bayonotda.

Vazirlik ushbu konsertdan hulosa qilgan xususiy tadbirkorlar endilikda ushbu jarayonlarning takror bo‘lishining oldini oladi, deya umid bildirdi.

«Yuqoridagilarni e’tiborga olgan holda, xalqimizning madaniyati, ma’naviyati va mentalitetini inobatga olib, „O‘zbekkonsert“ davlat muassasasi bundan keyin har bir konsert dasturidagi kiyinish madaniyatiga ahamiyat berishini bildiramiz», — deya ta’kidladi vazirlik.