O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning «Rostov» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Fox Sport Asia ro‘yxatiga kiritildi va 2019 yilda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi unvoniga ega bo‘lish uchun kurash olib boradi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Fox Sport Asia — bu Gonkong va Janubi-Sharqiy Osiyoda namoyish etiladigan Janubi-Sharqiy Osiyodagi pullik televideniye tarmog‘i. Hozirgi vaqtda u The Walt Disney Company sho‘’ba kompaniyasi bo‘lgan Fox Networks Group Asia Pacific tomonidan boshqariladi.

Ro‘yxatga 24 nafar futbolchi kiritilgan, ular orasida Takumi Minamino («Liverpul»), Song Xyun Min («Tottenxem»), Paulinyo (Guanchjou Evergrand, Xitoy) va boshqalar ham bor. Osiyoning yetakchi sport nashrlari vakillari nomzodlarga ovoz berishadi.

Klub matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu mukofot Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) yilning eng yaxshi futbolchisi mukofotiga aloqador emas.

Avgust oyida 24 yoshli Eldor Shomurodov Rossiya Premer-ligasining (RPL) oy davomida eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Rossiya chempionatida mavsumning birinchi qismi yakunlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi to‘purarlar poygasida 10 ta gol bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi, «Zenit» hujumchisi Artyom Dziuba (11) jadvalda peshqadamlik qilmoqda.