20 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Kobea Group kompaniyasiga O‘zbekistondagi birinchi kripto-birjani ochishga litsensiya berildi. Hujjat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi vakolatli organ — prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan taqdim etildi, deya xabar qildi agentlik matbuot xizmati.

Kobea Group raqamli iqtisodiyotda turli yechimlarni, shu jumladan blokcheyn texnologiyasini ishlab chiqishga ixtisoslashgan texnologik kompaniyadir.

Kompaniya kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi O‘zbekiston milliy qonunchiligining barcha talablariga, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlarga (FATF tavsiyalari va rahbarlik hujjatlariga) muvofiq ravishda kripto-birja faoliyati bilan shug‘ullanish niyatida.

Spot.uz nashrining aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston anchadan buyon Kobea bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu kompaniya bilan blokcheyn-akademiya ham tashkil etilmoqda.

Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 20 dekabrdagi buyrug‘i bilan Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi. Unda O‘zbekiston rezidentlari kripto-birjalarda faqat kripto-aktivlarni sotish bo‘yicha bitimlar tuzish huquqiga ega ekanligi ham belgilandi.

Bundan tashqari, kripto-aktivlar to‘lov yoki to‘lovni qabul qilish vositasi sifatida ishlatilishi mumkin emas.

O‘tgan yilning iyulida prezident Shavkat Mirziyoyev raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda davlat boshqaruviga blokcheyn texnologiyalarni joriy etish, kriptobozor va mayningni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Oradan bir necha oy o‘tib kripto-birjalar faoliyati tartiblari aniqlab olindi.