O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov Jizzax viloyatidagi 36-Paxtakor saylov okrugidan deputat etib saylanish uchun kerakli miqdordagi ovozlarni to‘play ololmadi. U ovoz berishning ikkinchi bosqichida ishtirok etishi kerak, deya xabar berdi partiya vakili «Gazeta.uz»ga.

Dushanba kuni «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda Alisher Qodirov soat 00:30 holatida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u 71,2 foiz ovoz olganini aytdi. «Agar boshqa uchastkalarda natijalar o‘zgarmagan bo‘lsa, men g‘alaba qozondim. Ammo men hamma narsaga tayyorman. Agar qayta saylash bo‘lsa, demak bu ham yaxshi», — dedi u.

Okrugda Gulzod Zuxurova (O‘zLiDeP), Malohat Mustafoyeva («Adolat»), Sohibjon Sodikov (O‘zXDP) va Feruza Qobilova (Ekologik partiya) Alisher Qodirovning raqiblari edi. Gulzoda Zuxurova besh nomzoddan eng ko‘p ovoz to‘plagan Alisher Qodirov bilan birgalikda ikkinchi bosqichga o‘tdi.

Jizzax viloyatidagi jami oltita okrugdan faqat bittasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan deputat saylandi, qolganlarida esa ikkinchi tur o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 150 saylov okrugidan 128 tasida parlament quyi palatasiga deputatlar saylangan. 22 ta okrugda ikki hafta ichida takroriy saylovlar bo‘lib o‘tadi.

Boshqa partiyalarning yetakchilari o‘z saylov okruglarida g‘olib bo‘lishdi: Aktam Xaitov, O‘zLiDeP — Qashqadaryo viloyati 136-Dehqonobod okrugidan, Narimon Umarov, «Adolat» — Surxondaryo viloyati 82-Sho‘rchi okrugidan, Ulug‘bek Inoyatov, O‘zXDP — Namangan viloyati 53-Yangiqo‘rg‘on okrugidan va Boriy Alixonov, Ekopartiya — Navoiy viloyatining 39-Qiziltepa okrugidan saylandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan saylovlarda O‘zLiDeP — 43, «Milliy tiklanish» — 35, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi — 21, Xalq demokratik partiyasi — 18 va Ekopartiya — 11 o‘rinni egalladi.