Yakshanba kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputligiga saylovlarda, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 71,1 foiz saylovchi ovoz berdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov brifingda ma’lum qildi.

Mamlakatdagi 10260 ta saylov uchastkasida ro‘yxatga olingan 18 million 797 ming 810 saylovchidan 13 million 355 ming 911 nafari ishtirok etdi.

Eng ko‘p saylovchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 75,4 foiz. Eng kam saylovchi esa Toshkent shahrida tashrif buyurdi — 60,8 foiz.

Ayni vaqtda AQSH va Yevropadagi ayrim saylov uchastkalarida ovoz berish davom etmoqda. Horijda jami 55 ta saylov uchastkasi ochilgan bo‘lib, 1 million 697 ming 647 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Xorijda yashayotgan taxminan 89 ming vatandosh muddatidan oldin ovoz berdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovining dastlabki natijalari 23 dekabr kuni 14:00 da e’lon qilinadi.