Bojxona organlari xodimlari O‘zbekiston orqali o‘z tanalarida jami 5,7 kg dan ziyod geroinni olib o‘tmoqchi bo‘lgan olti nafar kurerni qo‘lga oldi, deya xabar qildi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Video

Poytaxtdagi «Toshkent» aeroportida xorijiy davlatga uchish oldidan «yashil yo‘lak»dan o‘tayotgan to‘rt nafar chet ellik yo‘lovchi qo‘lga olindi. Bojxona tekshiruvi vaqtida ushbu erkaklarning qorin qismida (yo‘g‘on ichaklarida) yot jismlar aniqlandi.

Ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borildi. Shifokorlar xolislar ishtirokida ularni tekshiruvdan o‘tkazdi va narkokurerlarning ichki a’zolarida yashirilgan jami 268 ta o‘ramlar ichida umumiy vazni 4 kg va 152,52 gr.ni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi «Ayritom» chegara bojxona postida ham yana bir narkokurer qo‘lga olindi. M.M.ismli shaxsning ichki a’zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 1 kg 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, bojxonachilar «Toshkent» xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan S.M.ning qing‘ir rejasini fosh etishdi. Gap shundaki, ushbu shaxs o‘z ichki a’zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o‘ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasini yashirgan ekan. Shundan so‘ng unga mazkur giyohvandlik vositalarini yetkazib bergan jinoiy sherigi xorijiy davlat fuqarosi Q.R.ham ushlandi.

Bojxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida umumiy og‘irligi 5 kg. 739 gr.dan ortiqni tashkil etuvchi geroin hamda opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o‘tmoqchi bo‘lgan jami 7 nafar narkokurerlar hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo‘lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarolari qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlar qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.