O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining norasmiy majlisida ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevni Rossiya prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Ikki davlat rahbarlarining suhbati bo‘lib o‘tdi, unda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari, xalqaro ahamiyatga molik masalalar muhokama qilindi.

MDH norasmiy sammitida Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston rahbarlari ham ishtirok etdi.

Ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, 2020 yilda Hamdo‘stlikda O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan davlat rahbarining tashrifi yakunlandi. Prezident Toshkentga jo‘nab ketdi.