«UZBAT A.O.» tamaki kompaniyasi va «Abdullayev A. A.» yakka tartibdagi tadbirkor Toshkentda tarkibida nikotin bo‘lgan LYFT mahsuloti reklamasida qonunchilik talablarini buzdi, deya xabar berdi O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bu haqda qo‘mita huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tomonidan nazorat funksiyalari amalga oshirilishi davomida ma’lum bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, reklama beruvchi «UZBAT A.O.» QK AJ va reklama tarqatuvchi «Abdullayev A.A.» yakka tartibdagi tadbirkorga nisbatan reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atildi.

«Gazeta.uz»ning qo‘mita matbuot xizmatidan aniqlik kiritishicha, «Reklama to‘g‘risida"gi qonunning 6 (reklamaga doir asosiy talablar), 13 (noto‘g‘ri reklama) va 23- (tamaki, tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar reklamasi) moddalari talablari buzilgan.

Poytaxtda eng kamida kuz oylaridan boshlab har ikki tomoniga LYFT yozuvi tushirilgan yuqori sinfga oid avtomobillar harakatlanayotgan, ko‘cha ekranlarida esa «Tamakisiz nikotin» yozuvi bo‘lgan videoreklama namoyish etilayotgan edi.