O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni Tokioga rasmiy tashrifi doirasida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashdi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya hukumatiga O‘zbekistondagi islohotlar va iqtisodiy modernizatsiyani qo‘llab-quvvatlayotgani, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Parlamentlararo aloqalar, jumladan, Yaponiya parlamentidagi O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasining faol ishtiroki doirasida jonlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Asosiy e’tibor mamlakatda iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirishni taklif etdilar.

Energetika, qazib olish tarmog‘i, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda, avvalo, Yaponiya yetakchi kompaniya va banklarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilgan holda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ma’qullandi.

Delegatsiyalar rahbarlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi orqali moliyaviy va moliyaviy-texnik sheriklik kengayib borayotganini olqishladilar.

Bundan tashqari, hududlararo aloqalarni, tartibli mehnat migratsiyasi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniy almashinuv sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Asosiy yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish va ilgari surishning institutsional mexanizmlari kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara natijalaridan mamnun ekanlarini bildirdilar, do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davrini boshlash borasida qat’iy ekanlarini ta’kidladilar.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladi.

Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida soliq va bojxona sohalaridagi hamkorlik, shuningdek, yirik investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha imzolangan bitimlar almashildi.

Bulardan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifi doirasida iqtisodiyot, sanoat, turizm, ilm-fan, innovatsiyalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mehnat migratsiyasi, ta’lim va sport sohalarida, hududlar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘ndan ziyod hujjat qabul qilindi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Davlat rahbari Yaponiya bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish va yanada kengaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

«Bugun siyosiy, parlamentlararo aloqalar, savdo va investitsiya, innovatsiya, kichik va o‘rta biznes, fan va ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlik istiqbollarini batafsil muhokama qildik hamda muhim kelishuvlarga erishdik, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Tashrif doirasida Yaponiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan yirik loyihalar bo‘yicha bitimlar imzolandi. Bu loyihalar avvalo Yaponiyaning ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasidagi ilg‘or yutuqlarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga joriy etishga qaratilgani bilan ayniqsa e’tiborlidir».

Yaponiya bosh vaziri, o‘z navbatida, Prezident Mirziyoyev rahbarligida mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan siyosatni yuqori baholadi. Imzolangan salmoqli hujjatlar mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, madaniy-gumanitar aloqalar kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.