Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod A. Ahmedov o‘z rahbarligidagi tashkilot ishlab chiqargan un va yog‘ mahsulotini saylovchilarga arzonlashtirilgan narxda sotgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

38-Olmazor saylov okrugidan nomzodi ko‘rsatilgan A. Ahmedov 15 dekabr kuni Chilonzor tumani «Katta Chilonzor-1» mahalla fuqarolar yig‘ini va 16 dekabr kuni esa «Katta Chilonzor-2» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan yarmarkalarda ishtirok etib, «O'zlidep» logotipi joylashtirilgan peshtaxtalar orqali saylovchilarga imtiyozli arzonlashtirilgan narxda sotish xizmatini ko‘rsatgan hamda saylovchilar bilan uchrashib, saylovoldi tashviqotini olib borgan.

Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, deputatlikka nomzodlar tashviqotni saylovchilarga imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish bilan qo‘shib olib borish taqiqlangan.

Ushbu tartib qonun bilan qat’iy belgilab qo‘yilishiga qaramasdan, Deputatlikka nomzod A.M.Axmedov o‘z harakatlari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 515-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan.

Ushbu holat yuzasidan, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan A. Ahmedovga nisbatan MJtKning 515-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga yuborilgan.