O‘zbekiston FVV 18 dekabr kuni Toshkentda metroning Yunusobod yo‘nalishi davomini uzaytirish bo‘yicha qurilish maydonchasida tuproq o‘pirilishi ro‘y bergan joyda qidiruv-qutqaruv ishlari yakuniga yetgani haqida xabar qildi.

FVV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tuproq ostidan olti nafar quruvchining jasadlari chiqarib olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan tashkil etilgan Hukumat komissiyasi hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish hamda bartaraf qilish ishlari jadal davom ettirilmoqda, mazkur holatning vujudga kelishiga sababchi bo‘lgan va yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilot va shaxslar aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.

Shuningdek, loyihani amalga oshirish jarayonida shu va boshqa ko‘ngilsiz holatlar takrorlanishini oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yashash manziliga yetkazildi. Pudratchi-quruvchi tashkilotlar tomonidan ularning oila-a’zolari va yaqinlariga 100 million so‘mlik dastlabki tovon pullari to‘lab berildi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka asosan qo‘shimcha kompensatsiya pullari to‘lab beriladi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, hodisa ro‘y bergan joy atrofida yopib qo‘yilgan ko‘chalar transport harakati uchun ochildi.