Internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 14 dekabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevga mansubligi ta’kidlanib tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilib, ular yuzasidan qo‘shimcha bayonot beriladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, internetda tarqalgan audioyozuvda ovozi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevnikiga o‘xshagan erkak Quva tumanidagi namoyishni yoritgan shaxsning janozasini o‘qish haqida gapirgan.

«Ozodlik» radiosining xabar qilishicha, 2 dekabr kuni Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishida Quva tumani hokimi Ravshan Qurbonovni tumandagi vaziyat uchun tanqid qilgan. Viloyat hokimi ikki marta tumanda gaz va elektr yo‘qligi uchun yo‘l to‘sib qo‘yilganini yoritgan kishining janozasi o‘qilgan-o‘qilmaganini so‘ragan.