AQSH Davlat departamentining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha byurosi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazoni bekor qilish haqidagi ko‘rsatmasini olqishladi. Bu haqda AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisining birinchi o‘rinbosari Elis Uells Twitter orqali ma’lum qildi.

«Biz O‘zbekistonning tuhmat uchun qamoq jazosi bekor qilish rejasini olqishlaymiz. [O‘zbekiston] prezidenti aytganidek, matbuot — hukumat faoliyatining ko‘zgusidir. Demokratiya OAVning erkin bo‘lishini talab qiladi. Umid qilamizki, yangi qonun xalqaro me’yorlarga mos bo‘ladi va OAVga tazyiqlardan qo‘rqmagan holda izchil va mustaqil ravishda axborot uzatishni kafolatlaydi», — deyiladi xabarda.

Yaqinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan qarorida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan normani bekor qilish masalasini ishlab chiqishni topshirgan edi.

Hujjatda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunga jurnalistlarni davlat organlari va mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari yoki qarorlaridan himoya qilishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish ham ko‘zda tutilgan.