Bugun «Qonun ustuvorligini, inson xuquq va erkinliklarini ta’minlash-mamlakat rivojlanishi va xalq farovonligining garovidir» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov Ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan islohotlar haqidagi ma’ruza qildi.
«Mamlakatimizda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida hududlarning o‘ziga xos tajribalari yaratildi.

Shu bilan birga, bevosita mahallalarda jinoyatlarning oldini olish maqsadida 8 014 ta jamoatchilik nazorat maskanlari tashkil etilib, ularda «Fidokor yoshlar» faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent shahri va viloyat markazlarida jamoat tartibini saqlash borasida uch smenali xizmat yo‘lga qo‘yildi.

Amalga oshirilayotga islohotlar natijasida mamlakatimizda jinoyatchilikning kamayishiga erishilmoqda. Agar, oxirgi uch yillik jinoyatchilikni tahlil qiladigan bo‘lsak, e’tibor bering, 2016 yilda 87 mingdan ziyod, 2017 yilda esa 73 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, 2018 yilga kelib 49 mingga yoki 2016 yilga nisbatan qariyb ikki barobar kam jinoyat sodir etilgan.

Joriy yilning 11 oyida ham respublika hududida sodir etilgan jinoyatlar 15,4 foizga kamayishiga erishildi", — dedi Bobojonov.
Vazir shuningdek jinoyatsilik ko‘rsatkichi borasida xalqaro reytinglar haqida ham ma’lumot berdi. «Bugungi kunda O‘zbekiston jinoyatchilik ko‘rsatkichi bo‘yicha har yuz ming aholi soniga nisbatan jinoyatlar soni eng kam bo‘lgan davlatlarning qatoriga kiradi. Bu borada nufuzli „Xalqaro huquqiy baholash“ nodavlat agentligining 2019 yil uchun berilgan ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekiston 126 ta mamlakatlar ichida „Tartib va xavfsizlik“ indikatori bo‘yicha 9-o‘rinni egallaganligi, mamlakatimiz islohotlar to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganligidan dalolat beradi», — dedi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov.