Toshkent, Jizzax va Samarqand viloyatlarida jahon talablariga javob beruvchi uchta yangi golf klubi ochiladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Amirsoy tog‘-chang‘i kurorti ochilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Biz sayyohlik infratuzilmalarimizni yanada takomillashtirish ustida ishlamoqdamiz… Butun dunyodan sayyohlarni jalb qilish uchun golf klublarini tashkil etishimiz ham muhim. Hozirda golf klublarini barpo etish bo‘yicha uchta loyiha boshlandi», — dedi Aziz Abduhakimov.

U qo‘shni Qozog‘istonda jahon talablariga javob beruvchi to‘rtta golf klublari faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekistonda bunday majmualar yo‘q, dedi bosh vazir o‘rinbosari. Toshkent viloyatidagi ko‘llarda faoliyat ko‘rsatayotgan Toshkent golf klubi jahon talablariga javob bermaydi.

«O‘ylaymanki, [yangi golf klublari] ham xorijdan juda ko‘p sayyohlarni jalb qiladi. Va albatta, bizga, xalqimizga, davlatimizga daromad keltiradi. Va ertaga byudjega soliq to‘laydigan katta turistik kompaniyalar tashkil etilishi uchun katta biznes imkoniyatga aylanadi», — dedi Aziz Abduhkamov.

Avgustda O‘zbekiston Adliya vazirligi hukumat qaroriga tayangan holda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 200 gektar maydonda golf o‘yinlari uchun majmua qurilishi haqida xabar qilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun Mirasmanda Golf Resort mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Majmua hududida golf bo‘yicha professional va havaskor musobaqalar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.