O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 18 dekabrdagi farmoyishi bilan Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi.

Komissiyaga ertalab sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklandi.

Favqulodda holat tafsilotlari haqidagi batafsil axborot hozirgacha e’lon qilinmadi. Jabrlanganlar soni noma’lum.

Hodisa joyida bo‘lgan «Gazeta.uz» muxbiri qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borayotgan mutaxassislar bilan bog‘lana olmadi, hodisa haqidagi ma’lumotlar cheklangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanganlar yo‘q ekani haqida ma’lum qildi. Ayni vaqtning o‘zida quruvchilar «Gazeta.uz»ga o‘pirilishdan keyingi yo‘qlamada besh kishi tilga olinmaganini ma’lum qildi.

18:00 ga yaqin ikki nafar axborot manbasi shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan «Gazeta.uz»ga qidiruv-qutqaruv ishlari jarayonida eng kamida bir jasad aniqlangani haqida xabar qildi.

Biz vaziyatni kuzatishda davom etamiz.