Davlat to‘ntarishida ayblanayotgan Pokistonning sobiq prezidenti Pervez Musharrafga nisbatan 17 dekabr kuni o‘lim jazosi tayinlandi, deya xabar qildi Novosti RAA Samaa telekanali ma’lumotlariga tayangan holda.

Qaror maxsus sud kollegiyasi tomonidan chiqarildi: uch kishidan ikki nafari oliy jazo uchun ovoz berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Pokiston rahbari lavozimida 2001−2008 yillarda faoliyat ko‘rsatgan Musharraf 2007 yilda davlat to‘ntarishini amalga oshirgan. U favqulodda holat e’lon qilib, Oliy sud a’zolarini qamoqqa olishga ko‘rsatma bergan. O‘shanda sud Pervez Musharrafning navbatdagi prezidentlik muddatiga saylanishining qonuniyligi masalasini ko‘rib chiqishni rejalashtirgan edi.

Muxolif tomonining fikriga ko‘ra, prezident armiya qo‘mondoni lavozimini saqlab turgan holda qonunni buzgan: mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, harbiy xizmatchilarning davlat rahbari bo‘lishi mumkin emas. Mamlakatdagi vaziyat nafaqat prezident va muxolifat o‘rtasida keskinlashdi, balki teraktlar ham sodir etildi. Musharraf favqulodda holat e’lon qildi. Konstitutsiyaning amal qilinishi to‘xtatildi, yirik shaharlarda xususiy telekanallar efiri, poytaxtda esa telefon tarmog‘i uzib qo‘yildi. Oliy sudning o‘n yetti a’zosidan yetti nafari prezident farmonini noqonuniy deb topdi va qo‘lga olindi.

Hukumat tashabbusi bilan 2013 yilda Pervez Musharrafga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 2016 yil martida esa Oliy sud sobiq prezidentni mamlakatni tark etishi taqiqlangan shaxslar ro‘yxatidan chiqardi va 72 yoshli Musharraf davolanish uchun BAAga ketdi. Shundan buyon u Dubayda yashamoqda, tergov talqiniga ko‘ra, u sud qilinishdan yashirinmoqda.