O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 dekabr kuni Yaponiyaga rasmiy tashrif dasturidagi birinchi manzil — Nagoya shahriga keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tyubu xalqaro aeroportida davlat rahbarini Yaponiya rasmiy doiralari vakillari kutib oldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 18 dekabr kuni boshlanadi. O‘zbekiston prezidenti Nagoya va Tokio shaharlarida qator ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar o‘tkazadi.

Nagoyada Aichi prefekturasi va shahar meriyasi rahbarlari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Nagoya universitetiga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan.

Shu kuniyoq Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Aso, parlamentdagi «O‘zbekiston-Yaponiya» do‘stlik ligasi faollari hamda Yaponiyaning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yaponiya — O‘zbekistonning strategik sherigi. Bundan 28 yil muqaddam — 1991 yil dekabr oyida Kunchiqar mamlakat O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan edi. 1992 yil yanvar oyida ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan.