Afina-2004 Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahonning uch karra chempioni, gretsiyalik Ilias Iliadis bugun O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida mamlakat dzyudo federatsiyasi bilan shartnoma imzoladi, deya xabar qildi MOQ matbuot xizmati. Shartnoma 2020 yilning oktyabriga qadar mo‘ljallangan.

«Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik yo‘lida MOQda yangi rahbariyat shakllandi. Bu rahbariyat oldiga ulkan vazifalar qo‘yilgan bo‘lib, har birimiz zimmamizda turgan mas’uliyatni his qilib turibmiz. Barcha federatsiyalar, murabbiylar bir yoqadan bosh chiqarib ishlasak, marraga yeta olamiz», — dedi Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov.

MOQning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi va gretsiyalik Ilias Iliadis o‘rtasida 2020 yilning oktyabriga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo qo‘yildi.

Ma’lumot uchun, Ilias Iliadis 1986 yil 10 noyabr kuni tavallud topgan. 17 yoshida Afina-2004 Olimpiadasi chempionligini qo‘lga kiritgan, London Olimpiadasi sovrindori va 3 karra jahon chempioni.

Bugun Iliadis boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borish uchun Gruziyaga jo‘nab ketdi. 29 dekabrga qadar mo‘ljallangan mazkur yig‘in dzyudochilarimizning jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan.